3 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudida Jinoyat ijroiya kodeksining 113-moddasiga muvofiq (manzil-koloniyalarda jazoni o‘tash tartiblari), mahkum Aramais Avakyanni umumiy tartibli koloniyadan manzil-koloniyaga o‘tkazish haqida hukm chiqardi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Aramais Avakyan (1982 yilda Ozarbayjonda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi) 2016 yil 19 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 159 (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 161- (qo‘poruvchilik), 169- (o‘g‘rilik), 244−1- (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdidsoladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244−2-(diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Manzil-koloniyada Aramis Avakyan qolgan 4 yil 5 oy va 1 kunlik jazo muddatini o‘taydi.