Xalq ta’limi vazirligi o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini belgilash va bunda salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni aniqlash maqsadida umummilliy tadqiqot o‘tkazmoqda, deya xabar qildi XTV matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Umummilliy tadqiqot birinchi marta YUNISEF bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda. Uning maqsadi
umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilarining bilimini xalqaro talablarga yetkazish, unga mosligini o‘rganib borish, xalqaro amaliyotda foydalanib kelinayotgan PISA (Programme for international Student Assessment), TIMSS (Trends in Mathematics and Science Study) kabi dasturlarga bosqichma-bosqich integratsiyalashdan iborat.

Tadqiqot ishlari joriy yilning may oyi davomida respublika miqyosida tanlab olingan 255 ta maktabda o‘tkazilib, unda umumta’lim maktablari 4-sinf o‘quvchilarining matematika, o‘qish va tabiatshunoslik fanlaridan yutuqlari tajriba-sinov tariqasida o‘rganiladi.
Umummilliy tadqiqot materiallari YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amaldagi DTS va xalqaro tajriba asosida tayyorlangan.

Joriy yilning 10 iyuniga qadar umummilliy tadqiqot natijalari tahlil qilinadi hamda olingan xulosalar asosida yangi o‘quv yilidan o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini oshirish va unga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi, deyiladi vazirlik xabarida.