O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 maydagi farmoni bilan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qabul qilinganing 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturini tasdiqladi.

Rejalashtirilgan tadbirlardan ko‘zlangan maqsad — davlat, jamiyat va fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining tamoyillari va qadriyatlariga e’tiborini kuchaytirish, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy va boshqa choralar tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, qonunchilikka va davlat organlarining amaliy faoliyatiga inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish mexanizmlari va tartibi samaradorligini oshirishdan iborat.

10 dekabr kuni (deklaratsiya qabul qilingan sana) barcha maktab, litsey, kollej, oliy ta’lim muassasalarida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan umummilliy dars o‘tkaziladi.

Farmonda Milliy teleradiokompaniya, Milliy axborot agentligi, Elektron OAV milliy assotsiatsiyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Dastur amalga oshirilishining borishini keng yoritish bo‘yicha mavzuli eshittirishlar, ko‘rsatuvlar va materiallar e’lon qilinishini tashkil etish tavsiya qilindi.