Toshkentda 10 maydan 31 yanvargacha Qorasuv ko‘chasidan 2-Qorasuv va Elbek ko‘chalari bo‘ylab Do‘stlik metro bekatigacha bo‘lgan hududda yer usti temir yo‘l qurilish-montaj ishlari olib borilishi munosabati bilan transport vositalari uchun yopiladi. Bu haqda poytaxt hokimiyati matbuot xizmati xabar qildi.

Jamoat transporti yo‘nalishlari yopilgan ko‘cha qismlarini aylanib o‘tish uchun o‘zgartiriladi. Shahar ma’muriyati kutilayotgan noqulayliklar uchun uzr so‘radi.

Yopilayotgan ko‘cha uchastkalari. Google xarita.

Estakada ko‘rinishidagi yer usti metrosi qurilishi O‘zbekiston prezidenti farmoniga muvofiq olib borilmoqda. «Halqa» uzunligi 52,1 km ni tashkil etadi. Yo‘nalish mavjud va qurilayotgan metropoliten liniyalari bilan kesishadi.

Birinchi bosqichda yo‘nalish uzunligi 11 km ga yaqinroq bo‘lib, metroning O‘zbekiston yo‘nalishidagi «Do‘stlik» stansiyasini «Rohat» halqasi orqali «Qo‘yliq» metrosi bilan bog‘laydi.