Yanvar-aprel oylarida jismoniy shaxslar qabul qilib olgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 1,3 mlrd dollarni tashkil etdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Markaziy banki. Ularning 28,5 mln dollari milliy valyutada taqdim etildi.

2017 yil noyabrida O‘zbekistondan avtomat konvertatsiya qilinuvchi milliy valyutani yuborish imkoniyati paydo bo‘lgan edi. Markaziy bankning qayd etishicha, so‘mdagi pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi aholining naqd xorijiy valyutaga bo‘lgan talabi tushayotganidan darak bermoqda.

Yil boshidan buyon O‘zbekistondan 269,1 mln dollar jo‘natilib, uning 28,8 mln dollari so‘mda yuborilgan.

Qayd etish joizki, pul o‘tkazmalari to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlar Markaziy bank tomonidan birinchi marta e’lon qilinmoqda.