O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 may kuni faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjat ushbu sohada mavjud muammolarni bartaraf etish hamda faol tadbirkorlikni rivojlantirish, innovatsiyalar bozorining shakllanishi va faoliyat ko‘rsatishi, shuningdek, mahalliy va xorijiy innovatsion ishlanmalarni iqtisodiyotning real sektoriga ilgari surish uchun qulay huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan.

Qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida innovatsion loyihalar-startaplarni ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va o‘zlashtirish, innovatsion faoliyat natijalarini transfer qilish va tijoratlashtirishni amalga oshiruvchi Innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar markazlari tashkil etiladi.

Markazlar o‘z faoliyatini tijorat asosida amalga oshiradi va tashkil etilgan paytdan boshlab besh yil muddatga barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi.

Markazlarni tashkil etish va ularga tegishli infratuzilmani (transport bog‘lamalari, avtostansiyalar, avtobekatlar mavjudligi va h.k.) qurish uchun zarur yer uchastkalari, bo‘sh binolar xususiy sheriklarga haq undirilmasdan, istisno tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar asosida ajratiladi. Markazlar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari optimallashtirilishi hisobiga bo‘shaydigan binolar yoxud namunali loyihalar bo‘yicha quriladigan davlat xizmatlari markazlari binolariga joylashtirilishi mumkin.

Markazlarni davlat-xususiy sheriklik shartlarida tashkil etishda davlat sherigi sifatida Innovatsion rivojlanish vazirligi, boshqa davlat organlari, korxonalar va tashkilotlar ishtirok etishi mumkin. Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuv markazlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab 20 yil muddatgacha tuziladi.

Davlat sherigi iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish, jumladan, ishlab chiqariladigan mahsulotlarni davlat xaridlari doirasida tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha shart-sharoitlarni yaratishga ko‘maklashish majburiyatini oladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida markazlarga ishlab chiqariladigan mahsulotlarni, jumladan, davlat xaridlari doirasida tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirishda har tomonlama ko‘maklashadigan Markazlar ishlanmalarini tijoratlashtirish yagona markazi tashkil etiladi.