Toshkentda dushanba kuni Buyuk Kelajak xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti ekspertlik kengashi tarkibi taqdimoti o‘tkazildi.

Ekspertlik kengashining ilk a’zolari 32 nafarni tashkil etgan bo‘lib, ular Rossiya, Kanada, AQSH, Buyuk Britaniya, Belgiya, Daniya va Yaqin Sharqda istiqomat qiluvchi o‘zbekistonlik vatandoshlardir.

14 aprel kuni faoliyatini boshlagan tashkilot faoliyatining asosiy maqsadi — O‘zbekiston prezidentining siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda olib borayotgan islohotlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ushbu maqsadlar uchun O‘zbekistonning 2035 yilgacha uzoq muddatli rivojlanish modelini ishlab chiqish bo‘lib, unda aholining yashash darajasi va sifatini yanada yaxshilash, uzoq muddatli investitsiyalar bozorini rivojlantirish va davlat boshqaruvi institutlarini isloh qilish ko‘zda tutilgan.

Hyatt Regency mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan taqdimotda Yaponiya, Rossiya, Buyuk Britaniya va AQSHda istiqomat qilayotgan ekspert-a’zolar bilan tele-ko‘prik orqali muloqot olib borildi, deya xabar qildi tashkilotchilar «Gazeta.uz"ga.

Tadbirda xorijda istiqomat qilayotgan va nufuzli xalqaro tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan O‘zbekistonlik yuqori malakali mutaxassislarni jalb etgan xolda Buyuk Kelajak tashkilotining professional eskpertlik kengashi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.

Kengash xalqaro kolsanting kompaniyalarini jalb qilgan holda O‘zbekistonning 2035 yilgacha uzoq muddatli rivojlanish modelini ishlab chiqishning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilish maqsadida Eskpertlik kengashining birinchi forumini tashkil etish va o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistonning uzoqmuddatli rivojlanish modelini ishlab chikish bo‘yicha iqtisodiyot, ijtimoiy soha va davlat qurilishi yo‘nalishlari bo‘yicha Buyuk Kelajak eksperlik kengashi a’zolaridan tashkil topgan ishchi guruhlar shakllantiriladi.

7 may kuni O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sherzod Shermatovning Buyuk Kelajak vakillari bilan uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar mamlakatni uzoq muddatli rivojlantirish modelini shakllantirishda hamkorlik masalasini muhokama qildi.