6 may kuni «Chirchiq» umumqo‘shin dala o‘quv maydoni bazasida O‘zbekistonda birinchi marta tank biatloni bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi, deya xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Musobaqa o‘tkazish uchun maydon Toshkent viloyati harbiy-ma’muriy sektori va Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonligi hamkorligida barpo etildi.

Maxsus tank yo‘lagining umumiy uzunligi 4200 metr. Maydonda harbiy texnika va shaxsiy tarkibning paradini o‘tkazish uchun 600×20 metrli saf maydoni mavjud.

Paradda 1100 nafar harbiy xizmatchi hamda Ikkinchi jahon urushi yillarida foydalanilgan 30 dan ortiq texnikalar, jumladan BPM, BTR, BMD, shuningdek ayni paytda foydalanishda bo‘lgan texnikalar ishtirok etdi.

Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirni mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Video

Shundan so‘ng davlat bayroqlari ilingan ikkita AS-350 vertolyoti havoga ko‘tarildi, ishg‘ol usulida harbiy xizmatchilarning vertolyotlardan desant bo‘lib tushishi ko‘rsatildi. Harbiy orkestr va harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi elementlari bilan ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.

Foto