Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Oqqo‘rg‘on tumanidagi 78-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyati o‘rganilganda o‘ta qo‘pol qonunbuzilishi holatlari qayd etildi.

Nazorat organi matbuot xizmatining xabar qilishicha, tekshirishda maktab-internat mansabdor shaxslari uzoq yillar davomida «ko‘zbo‘yamachilikka» yo‘l qo‘yib, yuqori turuvchi instansiyalarga ta’lim-tarbiya muassasasidagi haqiqiy ahvol haqida noto‘g‘ri ma’lumot berib kelishgani aniqlandi.

Xususan, tekshirish vaqtida maktab-internatda sanitariya-gigiyena qoidalariga umuman rioya qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi. Maktabgacha ta’lim guruhlari uchun alohida yotoqxonalar tashkil etilmagan, yotoqxonada yashovchi bolalarga yuvinish uchun sharoitlar yaratilmagan.

Maktab-internat yotoqxonasi hojatxona nosoz holda bo‘lib, bolalar undan sanitariya-gigiyena talablariga zid ravishda foydalanib kelgan, shuningdek hojatxona zararsizlantiruvchi eritmalar bilan ta’minlanmagan natijasida bir qancha tarbiyalanuvchilar teri-tanosil kasalliklariga chalingan.

«Ta’lim muassasasining mansabdor shaxslari tomonidan ushbu kasalliklarni erta aniqlash va bolalar kasallanishining oldini olish choralari ko‘rilmasdan, aksincha, noto‘g‘ri davolash ishlari o‘tkazilib, tibbiy me’yorlarga mos bo‘lmagan muolajalar olib borilgan», — deyiladi xabarda.

Tekshiruvlarda ta’lim muassasasining 33 nafar xodimi tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatib kelayotgani ham aniqlandi.

Bundan tashqari, muassasada ta’lim-tarbiya ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilishi oqibatida noma’lum shaxslar tomonidan ta’lim muassasasining 16 yoshga to‘lmagan tarbiyalanuvchilari g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilingan.

Shuningdek, muassasa rahbariyatining beparvoligi oqibatida ta’lim muassasasining 16 yoshli boshqa bir tarbiyalanuvchisi I.Sokolovning bir yarim oydan buyon dars mashg‘ulotlariga qatnashmasdan bedarak yo‘qolganligi haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlariga xabar berilmagan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan maktab-internat mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Dastlabki tergov davomida aniqlangan har bir qonun buzilishi holatiga qonuniy baho berilib, voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash va aybdor shaxslarni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish choralari ta’minlanadi.