Avvalroq innovatsion rivojlantirish vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Otabek Nazarov may boshidan vazifasiga kirishdi. Bu haqda Innovatsiya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

U monetar siyosat, bank tizimi, byudjet siyosati, soliq tizimi, ijtimoiy xizmatlar, pensiya ta’minoti, qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish, shuningdek demografiya va aholi bandligini tadqiq etish bo‘yicha innovatsion yechimlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish masalalari bilan shug‘ullanadi.

Otabek Nazirov (1975 yili tug‘ilgan) AQSHda Nyu-York shtatidagi Stouni-Bruk davlat universitetida makroiqtisodiyotchi mutaxassisligini egallagan. U turli yillari AQSHda Goldman Sachs Group, The Avascent Group, JPMorgan Chase kompaniyalari, Rossiyada «Troyka Dialog» va MDM-Bankda faoliyat ko‘rsatgan.

Vazir o‘rinbosari sifatida faoliyatini boshlaguniga qadar Otabek Nazirov Londondagi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida sanoat sektoriga investitsiyalarni kiritish bo‘limining bosh hududiy bankiri lavozimida ishlagan. Sanoat, ko‘chmas mulk, farmatsevtika sanoati, kimyo, qurilish materiallari va xalq iste’moli mollari kabi iqtisodiyotning turli sohalariga investitsiyalar kiritish bo‘yicha 50 dan ziyod loyihalarni ishlab chiqqan va moliyalashtirgan.

Yangi tayinlangan vazir o‘rinbosari boshqaruv kompaniyalari, investitsion va venchur kompaniyalari, shuningdek banklar va konsalting firmalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Orient Capital Management, Silk Capital, InfinBank, Avesta Investment Group, IFG Capital, Sentil, PWC kabi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Tadbirda tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasidagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari muhokama qilindi.