O‘zbekistonlik bokschi Bahodir Jalolov yakshanba kuni AQSHning Mashantakete shahrida professional ringdagi ilk jangini muvaffaqiyatli yakunladi.

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidan bo‘lgan og‘ir vaznli bokschi meksikalik Ugo Truxiloga (4−1−1, 2 KO) qarshi ringga ko‘tarildi. O‘zbekistonlik uchinchi raundda raqibini nokautga uchratdi va g‘alaba qozondi.

Bahodir Jalolov avval boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan. U 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlari chorak finaliga chiqqan, 2015 yilgi jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi. 2017 yilda esa havaskorlar o‘rtasida Osiyo chempioni bo‘ldi.

Milliy olimpiya qo‘mitasiga bergan intervyuda bokschi kelgusi oy yana bir jangda ishtirok etishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. «Raqib noma’lum. Yanada uzoqroqni aytsam, 2020 yilgi Tokio Olimpiadasida ishtirok etaman. Chunki orzuim bor. Xalqim va davlatim oldida qarzim bor — Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritish», — dedi u.