O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 may kuni Qozog‘iston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya hamraisi Asqar Maminni qabul qildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston-Qozog‘iston hukumatlararo komissiyasi samarali faoliyat ko‘rsatayotgani va amaliy natijalar berayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Ikki davlat bosh vazirlarining birinchi o‘rinbosarlari raislik qilayotgan komissiya bugungi kungacha 17 majlis o‘tkazdi, jumladan, oxirgi majlis joriy yilning mart oyida Ostonada bo‘lib o‘tdi. 4 may kuni Toshkentda komissiya hamraislari amaliy muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvda prezident savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, istiqbolli loyiha va dasturlarni birgalikda amalga oshirish muhim ekanini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Asqar Mamin davlat rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Qozog‘iston oliy darajada erishilgan kelishuvlarning so‘zsiz va o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash maqsadida qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli sheriklikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanini qayd etdi.