O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 may kuni mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganiga qaramasdan, ushbu sohadagi ishlarning holati amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda, fuqarolarning siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishda, ularning ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qondirishda NNTlarning faol ishtirok etishiga to‘sqinlik qilayotgan qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjud.

Prezident farmoni bilan prezident huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengash tashkil etilmoqda. Davlatning va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni yanada jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtiruvchi zamonaviy, demokratik hamda ochiq-oshkora maydon sifatida ularning yuqori darajadagi tizimli va samarali muloqotini yo‘lga qo‘yish uning asosiy vazifalaridan etib belgilandi.

Kengash o‘rta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini aniqlash va milliy modelini shakllantirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi davlat siyosati va uning amaliy natijalari haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli ravishda o‘rganadi.

1 iyundan boshlab ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan NNTlarning tadbirlarini kelishish tartibi rejalashtirilayotgan tadbirlar haqida xabardor qilish tartibi bilan almashtiriladi

NNTning hisobvaraqlariga chet davlatlardan, xalqaro va xorijiy tashkilotlardan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig‘iga binoan boshqa shaxslardan ularning ustavlarida (nizomlarida) nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun kelib tushgan pul mablag‘laridan va mol-mulkdan, ularni olish ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan belgilangan tartibda kelishilgandan so‘ng, biron-bir to‘siqlarsiz foydalaniladi.

O‘zbekistondagi NNTlar uchun ajratilgan grant mablag‘lari mazkur tashkilotlarning mamlakatdagi istalgan bank muassasalarida ochilgan maxsus hisobvaraqlariga kelib tushadi.

Mehnatga haq to‘lash fondini tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan kelib tushgan mablag‘lar hisobidan shakllantiruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.

Jamoat fondi ma’muriy xarajatlarining, shuningdek, vasiylik kengashi va taftish komissiyasi a’zolariga beriladigan mukofot puli to‘lovlarining va ular o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq xarajatlar kompensatsiyasining yillik umumiy summasi fondning barcha xarajatlari summasining 30 foizidan oshmasligi o‘rnatildi.

NNTlarning pensioner xodimlariga pensiya ularning mazkur tashkilotlardagi faoliyati yagona ish joyi bo‘lgan taqdirda, to‘liq to‘lanadi.


Yil so‘ngiga qadar butun respublikada bo‘shab yotgan va samarali foydalanilmayotgan davlat mulki ob’ektlari negizida «Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari"ni tashkil etiladi.

NNTlar faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy undiruvlarni qayta ko‘rib chiqish va sezilarli darajada qisqartirish rejalashtirilgan.

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) Kengashlari huzurida NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari masalalari bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi komissiyalar tashkil etiladi.

Hukumatga gumanitar yordam olish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish tartib-taomilini soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish choralarini ko‘rgan holda, shuningdek, ushbu sohada yagona vakolatli organni belgilash vazifasi topshirildi.

O‘zbekistonda volonterlar (ko‘ngillilar) harakatini rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatning qabul qilinishi kutilmoqda.

Bir vaqtning o‘zida qonun hujjatlarini buzayotgan va taqiqlangan faoliyat bilan shug‘ullanayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini aniqlash bo‘yicha choralar kuchaytiriladi. Bugun O‘zbekistonda 9200 dan ziyod NNT faoliyat ko‘rsatmoqda.