O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindistonning Rajaston va Uttar-Pradesh shtatlarida yuz bergan kuchli qum bo‘roni oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Prezident Ram Natx Kovindga va Hindiston xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi

Davlat rahbari jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayishini tiladi, deya xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Chorshanba kuni kechqurun Hindistonning shimoliy hududlarida kuchli qum bo‘roni va kuchli yog‘ingarchiliklar oqibatida eng kamida 127 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab insonlar jarohatlandi, deya xabar qildi RIA Novosti Times of India nashriga tayangan holda.

«Betondan qurilgan inshootlar karta uylari kabi bir-biring ustiga taxlanib ketdi. Daraxtlar, fonus ustunlari — bir necha metrlik hamma narsani shamol qo‘porib tashladi. Biz jarohatlanganlarni vayronalar orasidan chiqarib olib, mototsikllarda shifoxonalarga eltdik», — deydi mahalliy politsiya vakili Narendra Sharma.

Meteorologlar yaqin kunlarda Hindistonning jabr ko‘rgan shtatlaridagi noqulay ob-havoning yaxshilanmasligini ma’lum qilmoqda. Aksincha, sinoptiklar fikricha, tez orada mamlakatning ushbu qismida yana yog‘ingarchiliklar kuzatilishi mumkin. Hukumat qurbonlar va jabrlanganlar soni ortishidan xavotirda.