3 may kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi 36-sessiyasida «Istiqlol» san’at saroyi, uning old maydoni hamda «Bunyodkor» metrosiga avvalgi «Xalqlar Do‘stligi» nomini qaytarish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Bu haqda poytaxt ma’muriyati matbuot xizmati xabar qildi.

Eslatib o‘tamiz, saroy, maydon va metro stansiyasiga avvalgi nomini qaytarish tashabbusi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan edi. Urush yillarida Toshkentga evakuatsiya qilingan 15 nafar yetim bolani asrab olgan temirchi Shoahmad Shomahmudov oilasi qahramonligining ahamiyati va qimmati vaqt o‘tgani sari faqatgina ortib boradi, degan edi davlat rahbari.

Deputatlar Shayxontohur tumanidagi Toshko‘cha ko‘chasiga Shoahmad Shomahmudov nomini qaytarish masalasini ijobiy ko‘rib chiqdi. Bu haqda ham prezident o‘z nutqida to‘xtalib o‘tgan edi.

Bundan tashqari, Chilonzor tumanidagi Yangi Baynalmilal ko‘chasi kengash qarori bilan Seul deb nomlandi. Avval xabar qilganimizdek, ushbu ko‘cha koreys uslubida rekonstruksiya qilinadi.