2011 yilda Toshkentdagi G‘afur G‘ulom istirohat bog‘iga ko‘chirilgan general Sobir Rahimov haykali avvalgi joyiga qaytariladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 2 may kuni Namangan viloyati Norin tumanida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi.

Yodgorlikning qaytarilishi tarixiy adolatning tiklanishi bo‘lar edi, dedi davlat rahbari.

Avval yodgorlik (1981 yilda ochilgan) Sobir Rahimov tumani (1970 yilda tashkil etilgan) hokimiyati qarshisida joylashgan edi. 2010 yil oxirida tuman, ungacha Sobir Rahimov metro stansiyasi nomi ham «Olmazor"ga o‘zgartirilgan edi.

Sobir Rahimov 1902 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1941−1945 yillarda urushda ishtirok etib, bir necha marotaba yaralangan. 1944 yil noyabrda ikkinchi Belarus fronti 65-armiya 37-gvardiya diviziyasi qo‘mondoni etib tayinlangan.
1945 yil martda urushda halok bo‘lgan. Toshkentda dafn etilgan. Vafotidan so‘ng 1965 yil 6 mayda unga Sobiq Ittifoq Qahramoni unvoni berilgan.

Xotira va qadrlash kuni (9 may) kuni munosabati bilan prezident tashabbusi bilan Shomahmudovlar oilasi yodgorligi ham avvalgi joyiga qaytarildi. San’at saroyi, metro stansiyasi va maydon ham eski — «Xalqlar do‘stligi» nomi bilan ataladigan bo‘ldi.