O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni Koreya Respublikasining Shimol bilan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi Son Yon Gil boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, do‘st Janubiy Koreya rahbariyati va xalqini joriy yil 27 aprel kuni Pxanmundjomda Koreyalararo sammit muvaffaqiyatli o‘tgani bilan yana bir bor tabrikladi.

Ushbu tarixiy tadbir Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning KXDR bilan munosabatlarni yaxshilash, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, ishonch muhitini mustahkamlashga qaratilgan «Yangi shimoliy siyosat"ni ro‘yobga chiqarish borasidagi qat’iy pozitsiyasi va sa’y-harakatlari tufayli samarali natijalar berayotgani alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Suhbat chog‘ida mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy, innovatsiya va gumanitar, jumladan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Son Yon Gil davlat rahbariga samimiy qabul va tabrik uchun minnatdorlik bildirib, Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Mehmon Koreya Respublikasi ulkan mintaqaning tinchligi, barqarorligi va izchil taraqqiyoti yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi bilan keng ko‘lamli va ko‘p formatli sheriklikni yanada kengaytirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini qayd etdi.