Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida manzaralari tog‘ bag‘rida joylashgan Nanay qishlog‘ida dam olish zonasi tashkil etiladi. 2 may kuni Norin tumanida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu haqda ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz"ning Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasidagi axborot manbasi.

Yangiqo‘rg‘on tumani vakili yig‘ilishda davlat rahbariga murojaat qilib, Gretsiya kurortlari bilan bellasha oladigan Nanayga borish qiyin ekani to‘g‘risida xabar berdi.

Muqaddam ko‘plab sanatoriylar, bolalar oromgohlari va pansionatlar joylashgan Nanayga tashrif buyuruvchilar oqimi nazorat-o‘tkazish punkti o‘rnatilganidan so‘ng keskin kamayib ketdi. Hududga kirishning cheklanishi turar joy binolari va infratuzilma ob’ektlarining bo‘shab qolishiga olib keldi.

Tuman vakili odamlar ushbu hududga erkin tashrif buyurishlari uchun NO‘Pni tuman ichkarirog‘iga yoki Qirg‘iziston bilan chegaraga yaqinroqqa ko‘chirishni so‘radi.

Prezident taklifni qo‘llab-quvvatlashini aytib, ushbu masalani Chegara qo‘shinlari, IIV va Turizm qo‘mitasi hamkorlikda o‘rganib chiqishi bo‘yicha topshiriq berdi. U Uztex to‘qimachilik kompaniyasiga Nanayda sinov loyihasi sifatida zamonaviy sanator-sog‘lomlashtirish majmuasi qurishni tavsiya qildi.

Turizm qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovga Nanayda dam olish zonasi barpo etish o‘yicha master-plan ishlab chiqishni topshirdi. Shavkat Mirziyoyev tadbirkor Alisher Usmonovga Namangan viloyatiga investitsiya kiritishni taklif qilishni ta’kidladi.

Davlat rahbari keyingi safar Namangan viloyatiga kelganida Nanayga borish maqsadida ekanini ham aytib o‘tdi.