Bandlik va mehnat munosabatlari, Ichki ishlar vazirliklari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Turkiya Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi va Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida «Mehnat-migrantlari va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi bitim imzolandi. Bu haqda Mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Hujjat dushanba kuni Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida imzolandi.

Ushbu bitim O‘zbekistonning Turkiyadagi hamda Turkiyaning O‘zbekistondagi fuqarolari bo‘lgan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq masalalarni tartibga soladi.

Ushbu bitimga muvofiq, mehnat migrantlarini qabul qiluvchi davlatning hududida ish beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar asosida qabul qiluvchi davlat qonunlariga muvofiq ishlashi mumkin.

Shuningdek, tomonlar o‘z mamlakatlaridagi migratsiya oqimlarini tartibga solishda yordam berishadi va o‘z mamlakatlarida noqonuniy mehnat migratsiyasini to‘xtatish uchun hamkorlik qilishadi.