SkyPower Global kompaniyasi (Kayman orollari) O‘zbekistonda umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan fotoelektr quyosh energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha ob’ektlar qurilishiga 1,3 mlrd dollar sarmoya kiritadi.

Prezidentning 28 apreldagi qaroridan 19 aprel kuni «O‘zbekenergo» va SkyPower Global kompaniyalari o‘rtasida elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitim imzolangani oydinlashdi.

Loyihalarning Toshkent, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida amalga oshirilishi kutilmoqda.

SkyPower Global kelgusida o‘zi egalik qilib, foydalanuvchi ob’ektlarni loyihalashtirish va qurish ishlarini moliyalashtiradi. Kelishuv muddatlari davomida kompaniya va uning hududlardagi sho‘’balariga korxonalariga soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etiladi.

Qarorda «O‘zbekenergo» yetkazib berilgan elekr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshira olmagan taqdirda, qarzdorlik davlat byudjetidan qoplanishi belgilangan.

SkyPower Global quyosh energetikasi sohasida dunyodagi yirik kompaniyalardan biri bo‘lib, 34 davlatda idoralariga ega.