O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni Turkiyaning yetakchi banklari, kompaniya va firmalari rahbarlarining qo‘shma biznes-forumida ularga Toshkentning yangi hokimi — Jahongir Ortiqxo‘jayevni tanishtirdi. Biznes-forum Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

«Men O‘zbekiston tarixida birinchi marta o‘zim ishongan tadbirkorni Toshkent hokimi lavozimiga tayinladim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Hozirgi islohotlarni tushunib yetgan, byurokratiyadan uzoq, Toshkent shahrining ertangi kuni qanday bo‘lishini tasavvur qiluvchi, zamonaviy bo‘lgan mana shu yigit O‘zbekistonga toza havo olib kirish, investorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun tayinlandi», — dedi prezident.

«U bizning ko‘plab rahbarlarimiz kabi biror byurokratik tizimda: raykom, partiya yoki boshqa joyda ishlamagan. U tadbirkor. Shunga qaramasdan, men shu tadbirkorni bizning mintaqadagi eng yirik shahrimiz — Toshkentga rahbar etib tayinladim», — dedi davlat rahbari.

«Ertangi kunni men faqat tadbirkorlarga ishonaman. Shuning uchun qaror qildim: tadbirkor — Toshkent shahar hokimi», — dedi u.

«Bugun u ikki majburiyatni zimmasiga olgan, — qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev. — Agar siz (turk investorlari — tahr.) Toshkentda biror to‘siqqa duch kelsangiz, undan so‘raysiz».

Akfa kompaniyalar guruhi asoschisi, Artel Engineering va Tashkent City direktori Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘tgan payshanba kuni Toshkent hokimi v. b. lavozimiga tayinlandi.