«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi va Boeing korporatsiyasi yana bir Boeing 787−8 Dreamliner yo‘lovchi laynerini yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.

Shunday qilib, MAK matbuot xizmatining xabar qilishicha, O‘zbekiston milliy aviatashuvchisi 2020 yilgacha ushbu turdagi oltita avialaynerga ega bo‘ladi.

May o‘rtasida yetkazib berilishi kutilayotgan hisobdagi uchinchi «Orzu layneri» avvalgi ikki Boeing 787−8 Dreamliner samolyotidan yo‘lovchilar uchun o‘rindiqlar sonining 270 taga ortgani (biznes-klass — 24, ekonom-klass — 246) va ekipaj dam olishi uchun maxsus bo‘lma bilan farq qiladi.

Yangi laynerda ham aviakompaniyaning boshqa Boeing-787 havo kemalaridagi kabi yonilg‘i tejash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga CO2 ajrab chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi GE Aviation kompaniyasining GEnx-1 V dvigatellari o‘rnatilgan.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Markaziy Osiyoda Boeing-787 Dreamliner samolyotlariga buyurtma bergan birinchi buyurtmachidir. 2017 yil 27 iyulda O‘zbekiston milliy aviatashuvchisi tarixda birinchi marta «Orzu layneri"da Toshkentdan Nyu-Yorkka ilk uzluksiz parvozini amalga oshirdi.

To‘rtta yangi Boeing-787 Dreamliner avialaynerini sotib olish to‘g‘risidagi kelishuvga korporatsiya prezidenti Reymond Konnerning 2016 yil sentyabrda O‘zbekistonga tashrifi vaqtida erishilgan, shartnoma esa 2017 yil yanvarida imzolangan edi. Yangi «Orzu laynerlari"ning 2019−2020 yillarda yetkazib berilishi rejalashtirilgan.