O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pxanmunjomda koreyalararo sammit muvaffaqiyatli o‘tgani munosabati bilan Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Tabrikda 27 aprel kuni bo‘lib o‘tgan sammit «koreys xalqi tarixida tom ma’noda unutilmas voqea» deb ataladi.

«Ushbu uchrashuvning butun dunyo hamjamiyati diqqat markazida bo‘lgan inqilobiy natijaga Sizning qat’iy irodangiz, Koreya Respublikasi hamda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash, global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, mintaqada o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlashga qaratilgan tinchlikparvarlik siyosatini amalga oshirish yo‘lidagi tinimsiz sa’y-harakatlaringiz tufayli erishildi», — dedi O‘zbekiston prezidenti.

«Muzokaralar samimiy va do‘stona muhitda o‘tgani, uning yakunlari bo‘yicha qabul qilingan ikki davlatni yaqinlashtirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish yuzasidan muhim kelishuvlarni ko‘zda tutuvchi tinchlik, taraqqiyot va Koreya yarim orolining birlashishi haqidagi Pxanmunjom deklaratsiyasi Koreya Respublikasi va KXDR o‘rtasidagi hamkorlikning yangi davri boshlanishiga umid va ishonch uyg‘otmoqda», — deyiladi tabrikda.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi hudud yaratish tashabbuskori sifatida Koreya yarim orolidagi denuklearizatsiya jarayonini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini, bu esa, shubhasiz, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish va mintaqada integratsiyani mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

«Sizning temir yo‘l va avtomobil qatnovini tiklash to‘g‘risidagi tashabbusingizni alohida ta’kidlashni istardim. Bu Koreya yarim orolining butun Yevroosiyo mintaqasi, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligini kengaytirish, uni yagona logistika tizimi va jadal savdo-iqtisodiy aloqalarga ega mintaqaga aylantirish uchun yangi istiqbollar taqdim etadi», — deyiladi tabrikda.

«Koreya Respublikasining strategik sherigi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi bundan buyon ham Koreya xalqining yaqinlik, Koreya yarim orolida umumiy taraqqiyot va farovonlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi faol amaliy qadamlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi», — deya ishonch bildirdi prezident.

U Koreya xalqining bo‘linib ketgan oilalarni birlashtirish, aloqalarni tiklash haqidagi ko‘p yillik orzusi bir kun kelib albatta amalga oshadi, mintaqada esa barqaror tinchlik va farovonlikka erishiladi, deya ishonch bildirdi.

«Siz, qadrdon do‘stim va aziz birodarimga mustahkam sog‘lik, Koreya sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Zero, bu kelishuvlar mintaqada va butun dunyoda vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirishga tarixiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz», — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.