O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 aprel kuni Pokiston Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni general-leytenat Kamar Javed Bajva boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuvda o‘zaro manfaatli aloqalar, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Harbiy va harbiy-texnik sohadagi hamkorlik istiqbollari, zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni tinchlik yo‘li bilan hal qilish masalalari muhokama qilindi.

General Kamar Bajva davlat rahbariga qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Pokiston prezidenti Mamnun Husaynning ezgu tilaklarini yetkazdi.

U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qurolli Kuchlarni modernizatsiyalash va mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Joriy yilning mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha konferensiyaning amaliy natijalari to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Uchrashuv yakunida Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Pokistonning O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

Pokiston delegatsiyasi Mudofaa va Tashqi ishlar vazirliklarida ham muzokaralar o‘tkazdi.