27 aprel kuni Andijonda «Trastbank» moddiy ko‘magida insulin ishlab chiqarish bo‘yicha Zamin Bio Health zavodi ochildi. Bank matbuot xizmatidan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, bu qandli diabetga chalingan kishilarga insulin ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Markaziy Osiyodagi yagona zavod hisoblanadi.

Loyiha O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 2−3 iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida davlat rahbari topshirig‘i bilan amalga oshirildi. Korxonaning ochilish marosimida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va «Trastbank» boshqaruvi raisi Sardor Normuhamedov ishtirok etdi.

Korxonada yiliga o‘rtacha 10 million flakon insulin ishlab chiqariladi. Zavod nafaqat O‘zbekiston bozorini mahsulot bilan to‘yintirish, balki uni Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlariga eksport qilishni ham rejalashtirmoqda. Zavodda 100 tadan ziyod yangi ish o‘rinlari ochildi.