Iyul oxirigacha O‘zbekistonda daraxt kesishga berilgan ruxsatnomalar reyestr ishga tushirilishi lozim. Bu haqda chorshanba kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Qo‘chqorov jurnalistlar bilan muloqotda ma’lum qildi.

Daraxtlarni noqonuniy kesish Toshkent va mamlakatning boshqa shaharlari aholisi uchun eng og‘riqli muammolardan biri. Fuqarolar muntazam ravishda daraxtlarning kesilishi, biror ob’ekt qurilishi uchun hududlar tozalash bilan shug‘ullanuvchi kommunal xizmatlar faoliyati qonuniyligi to‘g‘risida ma’lumotlarning yo‘qligidan shikoyat qiladi.
Yil boshidan jismoniy shaxslardan daraxtlarning noqonuniy kesilishi to‘g‘risida qariyb 580 murojaat kelib tushgan. Jami bo‘lib 2000 dan ortiq huquqbuzarliklar aniqlanib, o‘simlik dunyosiga 1 mlrd so‘mdan ortiq jarimalar belgilandi.
Ekologiya qo‘mitasining rasmiy saytida ruxsatnomalar reyestrini yuritish Vazirlar Mahkamasining 2014 yildagi qaroridayoq ko‘zda tutilgan edi.

Bahrom Qo‘chqorov qo‘mita tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishda muammolar mavjudligini tan oldi.
«Mazkur muammoni hal etish uchun AKTni joriy etish bo‘yicha markaz tashkil etildi. Hozirda sayt va daraxtlarni kesishga ruxsatnomalar joylashtiriladigan tizimni yaratish ustida ishlayapmiz. Hozir bularning barchasi hokimiyat orqali o‘tmoqda, ular daraxt kesishga ruxsatnoma beradi. Odamlar daraxtlarni kesish qonuniy yoki noqonuniy ekanini bilish uchun bizga murojaat etishadi», — dedi u.
«Kelgusida biz ushbu tizim orqali monitoring natijasida havoni me’yordan ortiq ifloslantirayotgan korxonalar nomini e’lon qilamiz. Xalq havoni kim ifloslantirayotganini bilsin», — deya ta’kidladi Ekologiya qo‘mitasi rahbari.
Bahrom Qo‘chqorov daraxt kesishga ruxsatnoma olish jarayoni haqida ham so‘zlab berdi. «Inspeksiyamiz (Bioinspeksiya) joylarda xulosa beradi, hokimiyat esa ruxsatnomani rasmiylashtiradi. Inspektor daraxt diametrini o‘lchaydi, uning holatini baholaydi va shundan keyingina har bir daraxt uchun ruxsatnoma beradi. 10 ta daraxt kesishga ruxsat so‘rashganida 5 ta daraxtga ijozat bergan vaqtlarimiz bo‘lgan», — deya tushuntirdi u.