Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi 25 aprel kuni O‘zbekistonda shoshilinch tibbiy yordam tizimini yaxshilash bo‘yicha loyihani tasdiqladi, deya xabar qildi bank matbuot xizmati. Loyiha Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (Jahon banki strukturasi) tomonidan 100 mln AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.

O‘zbekistonda shoshilinch tibbiy yordam tizimini yaxshilash loyihasi amalga oshirilishi natijasida tegishli tayyorgarlikdan o‘tgan, zaruriy jihozlar bilan ta’minlangan va faoliyati muvofiqlashtirilgan tibbiyot xodimlari baxtsiz hodisalarda shikastlanganlarga, shuningdek shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan millionlab insonlarga malakali yordam ko‘rsatadi.

Hodisa joyida zarur bo‘lgan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatuvchi maxsus brigadalar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun tuman va viloyatlar orasida integratsiyalashtirilgan kompyuterli dispetcherlik xizmati yo‘lga qo‘yilmaganligi tufayli O‘zbekistondagi mavjud shoshilinch tibbiy yordam tizimi murojaatlarga yetarli darajada samarali xizmat ko‘rsata olmayapti.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda har 18,3 ming odamga bir dona tez tibbiy yordam mashinasi to‘g‘ri keladi. Milliy me’yorlar ushbu ko‘rsatkich 13 ming odamga bir dona tibbiy yordam mashinasi bo‘lishi kerakligini talab etadi. Bundan tashqari, hozirda mavjud bo‘lgan tez tibbiy yordam mashinalari parkining aksar qismi birlamchi shoshilinch tibbiy yordamni ko‘rsatish talablariga to‘liq javob bermaydi. Ularda bemorni kasalxonaga yetkazgunga qadar hayotini saqlab borishda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish hamda tibbiy yordam jihozlarini saqlash uchun joy yetarli emas.

Amaldagi shoshilinch tibbiy yordam tizimida xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot xodimi tibbiy jihozlar, dori-darmonlar va boshqa materiallardan foydalanishda imkoniyatlari cheklangan. Yo‘l-transport hodisalari natijasidagi jarohatlarni, yurak qon-tomir kasalliklari hurujini va shoshilinch tibbiy muolajaga muhtoj shaxslar holatlarini tashhislash hamda davolash bo‘yicha shifokorlarning ko‘nikma va qobiliyatlarini oshirish kerak.

Shoshilinch tibbiy yordam tizimini yaxshilashga qaratilgan loyihaning asosiy benefitsiarlari turli baxtsiz hodisada shikastlanganlar, shoshilinch tibbiy yordamga muhtojlar, shuningdek akusherlik yordami zarur bo‘lgan insonlar bo‘ladi. Butun mamlakat bo‘ylab joylashgan kasalxonalar shoshilinch tibbiy yordam zarurati holatlarida samarali ravishda javob berishi uchun salohiyatlarini oshirish bo‘yicha ko‘mak oladilar.

Loyiha doirasida O‘zbekistonning barcha 12 viloyatida, shuningdek poytaxtda integratsiyalashgan dispetcher markazlari tashkil etilib, ular qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish, shoshilinch tibbiy yordam mashinalari harakatini muvofiqlashtirish va ularning faoliyatini nazorat qilish uchun javob beradi.

Ushbu yo‘nalishdagi faoliyatga ko‘proq xodimlarni jalb qilish maqsadida shoshilinch tibbiy yordam sohasidagi vrachlar va hamshiralarning boshlang‘ich tayyorgarlik o‘quvlari loyiha doirasida moliyalashtiriladi. Bundan tashqari, 60ta zamonaviy tez tibbiy yordam mashinalari xarid qilinadi va respublika shifoxonalariga taqsimlanadi, shuningdek shoshilinch tibbiy yordamga, shoshilinch akusherlik va neonatal yordamga muhtoj bo‘lgan bemorlarga yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan tibbiy uskuna va jihozlar ham sotib olinadi.

«2017−2021 yillarga mo‘ljallangan Milliy rivojlanish strategiyasi O‘zbekiston fuqarolarining hayot darajasi va sifatini yaxshilashga qaratilgan. Jahon banki mazkur maqsadga erishish bo‘yicha mamlakatning sa’y-harakatlariga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Shoshilinch tibbiy yordam tizimini yaxshilashga qaratilgan ushbu loyiha 2018 yildagi bizning respublikadagi to‘rtinchi investitsiyaviy loyihamiz bo‘lib, yilning dastlabki to‘rt oyi davomidagi jami investitsiyalar hajmini 940 mln AQSH dollarigacha oshirdi, — deydi JBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori. — Loyiha yordamida yaxshilangan shoshilinch tibbiy yordam tizimi yiliga 6 mln ga yaqin bemorlarga malakali yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi».

Jahon banki O‘zbekistonga umumiy qiymati 2,8 mlrd AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan 17ta loyihani amalga oshirishga yordam bermoqda. Mazkur loyihalar qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi boshqaruvni yaxshilash, energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim, shaharsozlik, suv ta’minoti va oqova suvlardan tozalash sohalarida amalga oshirilmoqda.