Toshkentda Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tashrifi doirasida ikki davlat tashqi savdo mahkamalari o‘rtasida O‘zbekiston va Turkmanistonda savdo uylarini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu haqda Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Hujjatda har ikki davlat hududida savdo uylarini tashkil etishda tadbirkorlarga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.

«Savdo uylarining ochilishi savdo hajmini oshirish hamda O‘zbekiston va Turkmaniston ishbilarmonlari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish uchun sharoitlar yaratishga yordam beradi», — deya izoh berdi tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev.

Savdo uylari mahalliy xaridorlar uchun mahsulotlar reklamasi maydoni vazifasini bajarib, chakana va kichik ulgurji savdo-sotiqni yuritish, marketing tadqiqotlarini o‘tkazish hamda konsultatsiya xizmatlarini taqdim etishga imkon beradi.

Eslatib o‘tamiz, 23−24 aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkmaniston Milliy ko‘rgazmasi va biznes-forumda 250 mln dollarlik shartnomalar imzolandi.