«Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida» va «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari rezervidagi xizmat to‘g‘risida"gi qonunlarga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, harbiy xizmatda bo‘lish muddatlari oshirildi. Norma.uz xabarida keltirilishicha, tuzatishlar 18 aprelda qabul qilingan qonundan o‘rin olgan.

Kichik ofitserlar (leytenant, katta leytenant, kapitan, kapitan-leytenant) uchun cheklangan xizmat yoshi 43 dan 45 yoshga (2 yilga) oshirildi. Endilikda u matroslar va serjantlar uchun belgilangan yosh chegarasida bilan tenglashdi.
Barcha katta ofitserlar (mayor, podpolkovnik, polkovnik, uchinchi, ikkinchi va birinchi rang kapitanlar) uchun pensiya yoshi 50 ni tashkil etadi. Avvallari mayorlar, podpolkovnik hamda uchinchi va ikkinchi rang kapitanlari 45 yoshda nafaqaga chiqqan. Endilikda ular besh yil keyin nafaqaga chiqadi.
Generallar tarkibi uchun eng yuqori yosh 60 ligicha qoldi.

Zaxira razryadlarida bo‘lish yoshlari ham mos ravishda o‘zgartirildi.

Tuzatishlar qonun e’lon qilingan sanadan olti oy o‘tib — 19 oktyabrda kuchga kiradi.