O‘zbekistonda chet el fuqarolari uchun bir oygacha muddatga beriladigan vaqtinchalik propiska bepul bo‘lishi mumkin. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tayyorlagan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida ushbu taklif ilgari surilgan.

Ayni paytda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun kirish vizasi amal qiladigan muddatga beriluvchi vaqtinchalik propiskaga 20 dollar to‘lanishi lozim. MDH davlatlari fuqarolari hamda bu yerdan SSSR sobiq pasporti bilan chiqib ketgan, fuqarolik to‘g‘risidagi qayd mavjud bo‘lmagan shaxslar uchun esa bu qiymat uch kundan olti oygacha muddatga 5 dollar, olti oydan ortiq vaqt uchun esa 10 dollarni tashkil etadi.

Hujjatning yangi tahririda MDH davlatlaridan kelgan sayyoh uchun ir oygacha muddatga vaqtinchalik propiskani tekin qilish va olti oygacha va undan ortiq muddatga esa mos ravishda 5 va 10 dollarni saqlab qolish taklif qilingan.