O‘zbekiston Mudofaa vazirligining Toshkentdagi markaziy devoni binosi qarshisidagi baland metall devor olib tashlandi.

Toshkent harbiy okrugi va Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari qo‘mondonligi va Harbiy Havo Kuchlari, shuningdek O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Davlat muzeyi binolarini o‘rab turgan panjaralar ham olib tashlandi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, ushbu qaror mahkamalar ochiqligini namoyish etish maqsadida qabul qilindi.

Bundan avvalroq uzoq yillar davomida ma’muriy binolar atrofini o‘rab turgan panjaralarni demontaj qilish ishlari boshlangani haqida xabar qilgan edik. Shu bilan birga, IIV va uning bo‘linmalari, Bosh prokuratura va boshqa organlarning alohida mahkamalari binolari atrofi ham panjaralardan tozalanayotgani xabar qilindi.