Urganch tumanining G‘oybu qishlog‘ida Turkmaniston prezidenti tashrifi arafasida ochilgan «Shirintoy» bolalar bog‘chasida ikki bosh poni otlari keltirildi, deya xabar qildi Maktabgacha ta’lim vazirligi «Gazeta.uz"ga.

Tarbiyalanuvchilar ippoteratsiya, ya’ni otda yurish orqali fizioterapevtik muolaja olishlari mumkin. «Psixologik nuqtai nazaridan ot bilan aloqa insonga ko‘plab ijobiy tuyg‘ularni beradi», — dedi MTM matbuot xizmati vakili.

«Shirintoy» bolalar bog‘chasi 120 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, tarbiyalanuvchilar oltita guruhga ajratiladi. Sport hamda rus va ingliz tili mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan.

Mahalliy aholi takliflari hisobga olingan holda maktabgacha ta’lim muassasasida yana ikkita qisqa muddatli guruh ochilib, ularda 50 nafarga yaqin bola ta’lim olmoqda.

Bolalar bog‘chasi 2,6 mlrd so‘m miqdoridagi investitsiya mablag‘lari hisobiga qurilgan.

Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin yaqinda tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, ta’lim jarayoni bo‘yicha taklif va tavsiyalarini berdi.