Buxoro viloyatida «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu» avtoyo‘lining 355−440- kilometrini rekonstruksiya qilish ishlari yakuniga yetdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. yangi yo‘l qoplamasi bu yerdan o‘tish vaqtini qariyb uch barobarga qisqartirdi.Yo‘lning avvalgi holati.

Rekonstruksiya qilingan yo‘l uchastkasi — «Yevropa-Osiyo» transkontinental avtomagistrali uchastkasi hisoblangan «Beyneu-Qo‘ng‘irot-Buxoro-Samarqand-Toshkent-Andijon» yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro transport yo‘lagi qismi hisoblanadi. U Ye-40 Yevropa transport yo‘nalishining ham bir bo‘lagi hisoblanadi. U orqali Markaziy va Sharqiy Yevropa, Rossiya, Ukraina va Qozog‘istonga chiqish ta’minlanadi.

Yangi yo‘l sementbeton qoplamaga ega bo‘lib, 120 km/soatgacha tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan. Har bir yo‘nalish ikki qatordan iborat bo‘lib, harakatlanish qismining kengligi — 2×7,5 m ga teng.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati 175,2 mln AQSH dollarini tashkil etib, ushbu ishlarni amalga oshirish uchun bosh pudratchi tashkilot etib Koreya Respublikasining POSCO Engineering & Construction Co. Ltd. kompaniyasi belgilangan.

Ushbu ishlarni bajarishda 400 donadan ortiq yo‘l qurilish texnikalari jalb qilindi. Qurilish davomida 600 nafarga yaqin mahalliy mutaxassislar va ishchilar tun-u kun mehnat qilishdi.

Ekologik holat ham yaxshilangan. Yo‘llarni qum to‘sib qolishining oldi olinib, yo‘l yoqalari bo‘ylab saksovul o‘rmonlari barpo etildi.

Qo‘mita matbuot xizmatining xabar qilishicha, ushbu yo‘lning foydalanishga topshirilishi — ichki va tashqi savdoning oshishiga o‘z hissasini qo‘shadi, shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni ta’minlashda muhim bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiladi.