Ikkinchi Jahon urushi yillarida turli millatlarga mansub bo‘lgan 15 nafar bolani o‘z qanotiga olgan Shoahmat va Bahri Shomahmudovlar oilasi jamlangan haykal «Istiqlol» san’at saroyi (sobiq Xalqlar do‘stligi saroyi) maydoniga qaytariladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

23 aprel kuni maydonda rekonstruksiya ishlari boshlab yuborildi. Tez kunlarda Shomahmudovlar oilasiga bag‘ishlangan haykal o‘zining dastlabki joyida qad ko‘taradi.

«Xalqlar do‘stligi siymosi hisoblangan ushbu haykal Toshkent shahrining ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shib yanada chiroyini ochadi. Poytaxtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarini birdamlikka, do‘stlikka va bir oila bo‘lib yashashga davat qiladi», — deyiladi hokimlik xabarida.

Shomahmudovlar oilasi haqida Rahmat Fayziyevning «Yego velichestvo Chelovek» romani asosida kinorejissyor Shuhrat Abbosovning «Sen yetim emassan» kinosi tasvirga olingan va bu film turli xalqlar orasida sevib tomosha qilinadi. Asrab olingan bolalar orasida rus, belarus, moldavan, yahudiy, latish, tatar, qozoq millatlariga mansub bolalar bo‘lgan.

Haykal Xalqlar do‘stligi saroyi oldida 1982 yilda o‘rnatilgan edi. 2008 yilda u Toshkent chekkasiga ko‘chirilgan edi. O‘tgan yilning 9 may kuni esa haykal Do‘stlik bog‘i (sobiq Bobur bog‘i)da ochilgan edi.