Turkman millati vakillari istiqomat qilayotgan Urganch tumanining G‘oybu qishlog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbek-turkman do‘stlik uyi ochildi.

Seshanba kuni O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari ishtirokida mazkur uyning ochilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbarlari dastlab bu yerda o‘rnatilgan Maxtumquli Firog‘iy byustini ochdi, uning poyiga gullar qo‘ydi.

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbek-turkman do‘stlik uyida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Ushbu majmua qadimiy va zamonaviy me’morlik an’analari asosida bunyod etilgan. O‘zbek va turkman xalqlarining ko‘p asrlik aloqalarini aks ettiruvchi muzey, 2000 dan ziyod kitob fondiga ega kutubxona tashkil qilingan.

Tadbirlar o‘tkazish uchun katta zal, turli fan va san’at to‘garaklari uchun xonalar barpo etilgan.

O‘zbek-turkman do‘stlik uyi, turkman millatiga mansub yurtdoshlarimiz uchun yaratilgan imkoniyatlar turkmanistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.