Armaniston bosh vaziri Serj Sargsyan dushanba kuni butun mamlakatda o‘n kundan buyon davom etayotgan norozilik namoyishlari manzarasida iste’foga chiqdi. RIA Novostining xabar qilishicha, Serj Sargsyan o‘zining maxsus murojaatida murakkab vaziyatdan chiqishda bir qancha yechimlar bo‘lishiga qaramasdan, yagona chiqish yo‘li — iste’fo berishni tanlagan.

Bir oz muddat o‘tgach, Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan hukumat iste’fosini qabul qilib oldi. Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, bosh vazir ortidan hukumat ham iste’foga chiqadi.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Karen Karapetyan vaqtincha bosh vazir vazifasini bajaradigan bo‘ldi.

Karen Karapetyan.

Serj Sargsyan 2008 va 2013 yillarda ikki marta prezident lavozimiga saylangan. Norozilik namoyishlari 13 aprel kuni uning Armaniston bosh vaziri lavozimiga saylanganidan so‘ng boshlandi. Muxolifat Sargsyanni samarasiz boshqaruv va mamlakatda iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvida aybladi. 17 aprel kuni muxolifat «baxmal inqilob» boshlanganini e’lon qildi.

Namoyishlarga qaramasdan Armaniston parlamenti xuddi shu kuni Sargsyanni Vazirlar Mahkamasi rahbari etib sayladi. Undan avvalroq esa mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan bosh vazirga ko‘plab vakolatlarni beruvchi o‘zgartishlar kuchga kirdi.

Muxolifa yetakchisi Nikol Pashinyan Yerevan markazida o‘tkazilgan namoyishda yaqin haftalarda yangi bosh vazir tayinlanishi lozimligini ma’lum qildi. «Shundan so‘ng vaqtinchalik hukumat shakllantiriladi, keyin esa navbatdan tashqari parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi», — deya qo‘shimcha qildi u.