Tursinxon Xudoyberganov yana O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vaziri bo‘ldi. Bu haqda FVV saytidagi ma’lumotlar guvohlik bermoqda.

Tursinxon Xudoyberganov 2010 yilning martidan 2016 yil dekabrigacha FVVga rahbarlik qilgan. So‘ngra prezidentning jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. U mazkur lavozimda faoliyat ko‘rsatishda davom etadi.

FVV rahbari Tursinxon Xudoyberganov (1951 yilda tug‘ilgan) — Toshkent pedagogika instituti (1974 yil) va SSSR IIV Akademiyasi (1982) bitiruvchisi. 1974−1999 yillarda IIVda turli lavozimlarda ishlagan. 1999−2001 yillarda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, 2001−2006 yillarda — prezidentning huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi, 2006−2010 yillarda esa Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Abdulla Qo‘ldoshev favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi instituti boshlig‘i bo‘lgan. 2005−2007 yillarda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.