Dushanba kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali jonli efirda xabar qildi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Turkmaniston rahbarini O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, faxriy qorovul, keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari kutib oldi.

Toshkent markaziy ko‘chalarida yuqori martabali mehmonni ikki davlat bayroqlarini ko‘targan minglab yoshlar qarshi olmoqda.

Foto: Shuhrat Latipov / «Gazeta.uz

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbarlari Ko‘ksaroyda tor va keng doirada muzokaralar o‘tkazadi. Ikki tomonlama hujjatlar imzolanadi. Tashrif dasturi keng va mazmunga boy tarzda tuzilgan.

Prezidentlarning Toshkentdagi Maxtumquli ko‘chasiga borishi, Ashxobod sayilgohining ochilish marosimida qatnashishi mo‘ljallangan.

Gurbanguli Berdimuhamedov 24 aprel kuni Xorazm viloyatiga boradi. Urganch tumanidagi «Ulli hovli» yodgorligi, Xivadagi «Ichan qal’a» majmuasiga tashrif va boshqa madaniy tadbirlar rejalashtirilgan.