Dushanba kuni minglab yoshlar O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovni kutib olish uchun Toshkentning markaziy ko‘chalariga chiqdi. «Gazeta.uz» muxbiri jonli yo‘lak bo‘ylab sayr qildi.Nukus ko‘chasida qo‘shni davlat rahbarini O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda K. Behzod nomidagi milliy rassomchilik va dizayn instituti talabalari ikki davlat bayroqlari bilan kutib oldi.

Ko‘plab yoshlar kutib olishga 7:00 dan, ba’zilar esa kechroq chiqdi. Turkmaniston rahbari samolyoti poytaxt aeroportiga soat 10 da qo‘ndi.

«8:00 da keldim. Bizdan yuqori martabali mehmonni kutib olish uchun chiqishni so‘rashdi. Biz o‘z institutimizni hurmat qilamiz, shuning uchun ko‘chaga chiqdik», — dedi rassomchilik va dizayn instituti talabasi.

«Ikki soatdan buyon turibmiz. Umuman olganda hammasi yaxshi. Lekin juda och qoldim, chanqadim ham», — dedi O‘zDJTU talaba qizlaridan biri.«Biz shikoyat qilmaymiz, lekin fakultet rahbariyati bizga qo‘pol munosabatda bo‘lishmoqda. Biz turishdan charchadik, bitta qiz o‘tirgan edi, dekan o‘rinbosari qattiq urishib berdi. U yig‘ladi va ketib qoldi», — dedi O‘zDJTUning boshqa talabalaridan biri.

Ko‘pchilik ishtirokchilar prezident korteji o‘tib ketguniga qadar nima bilandir band bo‘lishga harakat qildi. Kimningdir qo‘shiq tinglagani, boshqalarning shunchaki tik oyoqda turgani yoki o‘tirib turganini ko‘rish mumkin.

Seshanba kuni talabalar Turkmaniston rahbarini kuzatib qo‘yish uchun yana ko‘chalarga chiqadi. «Bayroqlarni yo‘qotmanglar, ertaga xuddi shu vaqtda shu yerga kelinglar», — dedi OTM xodimi.

Kortej o‘tganidan so‘ng O‘zDJTU guruhlaridan birining kuratori kelmagan talabalarni dekan nomiga tushuntirish xati yozishga majburlagani ma’lum bo‘ldi.

Turkmaniston rahbarining tashrifi ikki kun davom etadi. Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazishi, qator ikki tomonlama hujjatlarning imzolanishi rejalashtirilmoqda.

Video