O‘zbekiston va Turkmaniston suv masalalarini hal etish va xavfsizlik masalalarida hamkorlik qiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti SHAvkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng OAV qarshisida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.

«Xavfsizlik masalalari bor, biz Afg‘oniston bo‘yicha juda chuqur suhbat qurdik, transchegaraviy daryolar va suv masalalari to‘g‘risida jiddiy suhbatlashdik… — dedi davlat rahbari. — Suv masalalari bo‘yicha komissiya tuzishga kelishib oldik».

U mamlakatlar xavfsizlik sohasida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi.

«Transchegaraviy jinoyatchilik, terrorizm, narkotrafikka qarshi kurash bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishib oldik, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Maxsus organlarimiz uchrashishadi va ushbu jiddiy masalalarni hal etishadi».