O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kobul va Puli-Xumri shaharlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlari oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘aniga maktub yo‘lladi.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbari Afg‘oniston xalqi, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Yakshanba kuni Afg‘oniston poytaxtidagi saylovchilarni ro‘yxatga olish markazida terrorchi-xudkush tomonidan sodir etilgan portlash oqibatida 57 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 119 kishi jarohatlandi, deya xabar qildi TASS Reuters agentligiga tayangan holda. Fuqarolar 2018 yilning oktyabriga mo‘ljallangan parlament va mahalliy saylovlarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tayotgan bo‘lgan.

Hodisa uchun «Islom davlati» terroristik guruhi javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.