O‘zbekiston IIV Buxoro viloyati Kogon shahrida istiqomat qiluvchi fuqarodan tovlamachilik yo‘li bilan 500 ming dollar miqdoridagi naqd pulni o‘zlashtirgan besh kishilik guruh qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

13 aprel kuni Kogon shahrida istiqomat qiluvchi A.O‘ljayevning uyiga besh kishi Lacetti avtomobilida kelib, o‘zlarini Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari deb tanishtiradi. Ulardan biri xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, Toshkentda O‘ljayevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, tergov harakatlarini o‘tkazish uchun uni poytaxtga olib ketishi kerakligini aytadi.

Erkak kishi O‘ljayevdan unga nisbatan ta’ziyq o‘tkazmaslik hamda ishni ijobiy tomonga hal qilib berish evaziga 1 mln AQSH dollari berishini talab qiladi. Undan 500 ming AQSH dollarini tovlamachilik yo‘li bilan olib, voqea joyidan yashirinadi.

Jabrlanuvchi keyingi kuni hodisa haqida huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qiladi.

Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib Kogon tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan B.Qosimov (1984 y. t.) va Samarqand shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan P.Gulyamov (1984 y. t.) qo‘lga olindi.

Yana uch kishi Rossiyaning Tatariston Respublikasi Qozon shahrida qo‘lga olingan.