O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 23 aprel kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov davlat tashrifi bilan keladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov xabar qildi.

Davlat rahbarlari Ko‘ksaroyda tor va keng doirada muzokaralar o‘tkazadi. Ikki tomonlama hujjatlar imzolanadi. Tashrif dasturi keng va mazmunga boy tarzda tuzilgan.

Prezidentlarning Toshkentdagi Maxtumquli ko‘chasiga borishi, Ashxobod sayilgohining ochilish marosimida qatnashishi mo‘ljallangan.

Gurbanguli Berdimuhamedov 24 aprel kuni Xorazm viloyatiga boradi. Urganch tumanidagi «Ulli hovli» yodgorligi, Xivadagi «Ichan qal’a» majmuasiga tashrif va boshqa madaniy tadbirlar rejalashtirilgan.