2018 yilning birinchi choragi davomida O‘zbekiston prokuratura organlari xodimlari 65,8 ming fuqaroni, jumladan 634 kishini bevosita Bosh prokuratura rahbariyati qabul qildi. Bu haqda Bosh prokuratura saytida xabar qilindi.

Prokuratura organlariga kelib tushgan murojaatlardan jami 72,3 mingtasi hal etilib, fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklanishi ta’minlandi.

Shu bilan birga, hududlarga chiqib fuqarolarni sayyor qabul qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida tashkil etilgan sayyor qabullar davomida Bosh prokuror tomonidan 291 nafar fuqaro qabul qilinib, ularning uzoq vaqtdan buyon yechimini topmay kelayotgan turli muammolari hal etilishi ta’minlandi.

Xususan, qabullar natijasida 24 nafar shaxs ish bilan ta’minlandi, faoliyatni tashkil etish yoki yanada rivojlantirish va shu asosda qo‘shimcha ish o‘rni yaratish uchun 38,2 gektar yer maydoni, 2,8 mlrd so‘m kredit mablag‘i va zarur texnika vositalari ajratildi.

Shuningdek, 2 nafar shaxs uy bilan, 8 nafar shaxs nogironlik aravachasi bilan ta’minlandi, 5 nafar fuqaroga uy-joy ajratilishi uchun hujjatlar rasmiylashtirildi, qarzdorlardan 281 mln so‘m undirildi, 4 ta mahalla fuqarolar yig‘inida elektr transformatorlar o‘rnatilib, 2,3 km elektr liniyasi va 255 metr suv tarmog‘i tortildi.

Qo‘pol qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Masalan, B.Tojiyevning murojaati bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirishda, Qo‘qon shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari ma’lumotlarni soxtalashtirib, «Oqjar porloq kelajagi» MCHJda tekshirish uyushtirganliklari aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bundan tashqari, Bosh prokuratura tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini bevosita quyi prokuratura organlarida hamda boshqa davlat idoralarida hal etilishi ustidan ham tizimli nazorat o‘rnatilgan.