Davlat moliyaviy nazorat bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalari birinchi chorakda 844 marta nazorat tadbirlarini o‘tkazdi, deya xabar qildi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Ularning 661 tasida 33 mlrd so‘mlik byudjet intizomi buzilishi holatlari, jumladan 5,1 mlrd so‘mning o‘zlashtirilishi va talon-taroj qilinishi, 24,8 mlrd so‘mning noqonuniy sarflanishi hamda Moliya vazirligi qoshidagi jamg‘armalar mablag‘larining 3,2 mlrd so‘mlik mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlandi.

Tekshiruvlar natijasida 20,8 mlrd so‘mlik mablag‘lar qayta tiklandi. 650 ta nazorat tadbiri bo‘yicha materiallar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi.

Byudjet tashkilotlarining byudjet intizomini buzgan 32 nafar mansabdor shaxsi ma’muriy javobgarlikka va 16,7 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Hukumat kafolatlagan kreditlar, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va boshqa yo‘nalishlardagi kreditlar bo‘yicha 27 ta nazorat tadbiri o‘tkazilgan bo‘lsa, 22 ta holatda 1,3 mlrd so‘mlik talon-taroj holatlari aniqlangan. Ushbu mablag‘larning 1,1 mlrd so‘mi qaytarilgan. 1,2 mlrd so‘mlik 18 ta material huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.

Hisobot davrida Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasiga jismoniy shaxslardan 199 ta murojaat kelib tushgan. Jismoniy shaxslar murojaatlari bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 98 mln so‘mlik moliyaviy qonun buzilishlari aniqlanib, 13 ta material huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.