Birinchi chorakda O‘zbekiston ma’muriy sudlari tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlarga oid 4783 ta ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Jumladan, ishlar ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshiruvchi davlat boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslarining qonunchilikka zid, fuqarolar va yuridik shaxslarning qonun bilan himoyalanuvchi huquq va manfaatlariga daxl qiluvchi qarorlari, harakatlariga (harakatsizligi) taalluqli bo‘ldi.

Shuningdek, notarial harakatlarni amalga oshirish, fuqarolik holatlari dalolatnomalarini qayd etishdan bosh tortish yoki notariuslar yoki FHDYO organlari mutasaddi shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) kabi holatlar bo‘yicha ham ishlar ko‘rib chiqildi. Natijada 3416 nafar fuqaroning huquqlari tiklandi.

Shuningdek, birinchi chorak davomida ma’muriy sudlar tomonidan 102481 nafar shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi 84141 ta ish ko‘rib chiqildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, birinchi chorak davomida ma’muriy sudlar eng ko‘p transport vositasida belgilangan tezlikni oshirish, transport vositasini mast holatda boshqarish, jabrlanuvchiga tan jarohati yoki moddiy zarar yetkazishga olib kelgan yo‘l harakati qoidalarining buzilishlari, tegishli hujjatlarsiz transport vositalarini boshqarish, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, litsenziyasiz yo‘lovchi tashish, mayda bezoriliklar, militsiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik, pasport tizimi qoidalarining buzilishi kabi ishlar ko‘rib chiqilgan.

Bunda 73394 nafar shaxsga jarima, maxsus huquqdan mahrum etish, ma’muriy hibs va O‘zbekiston hududidan chiqarish yuborish ko‘rinishlaridagi ma’muriy hukmlar chiqarilgan.

Ma’muriy sudlar O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 21 fevraldagi farmoni asosida tashkil etilib, 2017 yil 1 iyundan faoliyatini boshlagan.