O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 aprel kuni qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjatda avvalroq Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bazasida tashkil etilgan Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligining vazifalari belgilab berildi.

Farmon bilan Bosh prokuratura huzurida Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etildi.

Qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi hamda Qishloq va suv xo‘jaligida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha markaz negizida Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi tarkibiga kiruvchi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi tashkil etildi.

1 avgustdan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi, Mashina va asbob-uskunalarning texnik holatini nazorat qilish bosh davlat inspeksiyasi, Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi, «O‘zsuvnazorat» respublika suv inspeksiyasi hamda «O‘zdavurug‘nazoratmarkaz» qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish davlat markazi tugatiladi.

G‘o‘za urug‘chiligi respublika markazi va Boshoqli don ekinlari urug‘chiligi respublika markazi negizida, urug‘liklar, shu jumladan, paxta va boshoqli don ekinlari urug‘larini tayyorlash hamda ulardan foydalanishning yagona va zamonaviy tizimini shakllantirish uchun mas’ul bo‘lgan Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazini tashkil etiladi.

Urug‘lik tayyorlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlarda urug‘lik olish maqsadida yetishtirilgan paxta va boshoqli don ekinlarini keyinchalik alohida saqlash sharti bilan qayta ishlash tartibi joriy etiladi.

Urug‘lik tayyorlash bo‘yicha alohida tashkilotlar, sex va omborlar paxta hamda boshoqli don ekinlari urug‘lari uchun ixtisoslashtirilishi, shuningdek, ularni bosqichma-bosqich Urug‘chilikni rivojlantirish markaziga berish ko‘zda tutilgan.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, innovatsiya texnologiyalarini joriy qilish va xodimlarni rag‘batlantirish jamg‘armasi negizida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta’minoti jamg‘armasi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida Suv xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi tuziladi.