19 aprel kuni Buxoro viloyatida Qandim gazni qayta ishlash majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev roppa-rosa ikki yil muqaddam — 2016 yil 19 aprel kuni majmua qurilishiga start bergan edi.

Davlat rahbari Harakatlar strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar sanoatning yetakchi yo‘nalishlarini izchil rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Yoqilg‘i-energetika tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar faol jalb etilayotgani, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi O‘zbekiston bilan Rossiya hamkorligining yorqin namunasi ekanini qayd etdi. Muhandis va quruvchilarga minnatdorchilik bildirib, korxona jamoasiga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tabrigini energetika vaziri Aleksandr Novak o‘qib eshittirdi. «Lukoyl» kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperov, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi muhandisi Shahzod Qurbonov, neft-gaz sohasi faxriysi Komil Fozilov so‘zga chiqdi.

Majmua faoliyatiga start beruvchi ramziy tugma bosildi.

Ushbu sanoat kompleksida yiliga 8,1 milliard kub metr gaz qayta ishlanadi. Bu orqali tozalangan tabiiy gaz, gaz kondensati, oltingugurt kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ikki mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.

Umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod bo‘lgan mazkur yirik loyiha «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi bilan Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi hamkorligida ro‘yobga chiqdi. 114 ta quduq kovlanib, gazni yig‘ish va qayta ishlash tizimlari qurildi. Bu jarayonda murakkab texnik yechimlar, ilg‘or texnologiyalar qo‘llanildi. Yo‘llar, terminallar, magistral gaz quvuri, elektr, suv tarmoqlari va boshqa infratuzilma ob’ektlari barpo qilindi.

Qorako‘l tumanining olis cho‘l hududida 1 ming 150 kishiga mo‘ljallangan shaharcha bunyod etildi. U yerda ishchilarning yashashi va dam olishi uchun zarur sharoit yaratildi.
Shavkat Mirziyoyev majmuaning texnologik jarayonini ko‘zdan kechirdi. Laboratoriya va operatorlik boshqaruvi xonalarida bo‘ldi.