O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 aprel kuni mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Xvani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Uchrashuvda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari hamda xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In tomonidan Koreya yarimoroli va butun mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan siyosatni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Suhbatda 2017 yil noyabr oyida Janubiy Koreyaga oliy darajadagi tarixiy tashrif hamda uning yakunida erishilgan muhim kelishuvlar O‘zbekiston — Janubiy Koreya o‘zaro manfaatli hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish va aniq amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani alohida qayd etildi.

Janubiy Koreya O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalar hajmi 7 milliard dollardan oshdi. «Posko-DEU», «DjiES», «Evergrin», «Yanguan» va boshqa ko‘plab kompaniyalar bilan birgalikda qiymati 5 milliard dollardan ortiq yangi investitsiya loyihalari ishlab chiqilmoqda. Fevralda Toshkentda yangi formatda savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘yicha birinchi qo‘shma hukumatlararo uchrashuv muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim, shahar boshqaruvi, energetika, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirishda Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi, ilmiy yutuqlari va texnologiyalaridan foydalanishga qaratilgan qo‘shma dasturlar faol amalga oshirilmoqda.
Koreya Respublikasining yetakchi mutaxassislari mamlakat vazirliklari, idora va hokimliklari tomonidan maslahatchi sifatida jalb etilmoqda. Gumanitar, ta’lim va turizm sohalarida almashinuvlar kengaymoqda.

Prezident rejalashtirilayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etishi va yangi istiqbolli kelishuvlarga erishishni ta’minlashiga ishonch bildirdi.

Tashqi ishlar vaziri prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Mehmon Janubiy Koreya O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan joriy yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunlarini yuksak baholashini, ushbu anjuman, shubhasiz, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishini ta’kidladi.

Vazir O‘zbekiston prezidentiga Janubiy Koreya fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etish to‘g‘risida qabul qilingan qaror uchun samimiy minnatdorlik bildirdi, bu sayyohlar oqimini salmoqli darajada oshirish va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga xizmat qilayotganini qayd etdi.

Uchrashuv so‘nggida Kan Gyon Xva Janubiy Koreya ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlari va keng ko‘lamli hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanini ta’kidladi.