Toshkentda uzoq yillar davomida ma’muriy binolar atrofini o‘rab turgan baland panjaralarni olib tashlash boshlandi. Toshkent hokimiyati vakili «Gazeta.uz"ga panjaralardan voz kechish haqida qaror qabul qilinganini tasdiqladi.

«Hozircha bu faqat ma’muriy binolarga taalluqli. Buning uchun katta kuch safarbar etildi: 11 tumanning barchasida hokimiyat Obodonlashtirish boshqarmasining maxsus otryadlari tuzildi. Ularga ikkitadan qurilish krani va zarur transport vositalari ajratildi», — dedi poytaxt ma’muriyati vakili.

To‘siqlarni demontaj qilish haqidagi qarorni qabul qilishda rivojlangan mamlakatlar tajribalari o‘rganilib, fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsad qilindi.
«Bu binolar go‘zalligini namoyish uchun ham qilinmoqda. Barchasi ochiq bo‘ladi. Axir biz xavfsiz shaharda yashayapmiz, bizga panjaralar nima uchun kerak?!» — dedi suhbatdosh. Kelgusida ko‘chalar bo‘yidagi to‘siqlar ham olib tashlanadi.

Bir oy davomida Toshkentdagi barcha 78 ta markaziy ko‘cha bo‘ylaridagi to‘siqlarning olib tashlanishi kutilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi, tuman ichki ishlar bo‘limlari, Bosh prokuratura kabi binolar atrofidagi panjaralar olib tashlanmaydi.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mustaqillik ko‘chasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va 71-maktab binosi yaqinidagi panjaralar olib tashlandi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, JIDU atrofiga baland bo‘lmagan to‘siqlar o‘rnatiladi. Maktablar atrofida to‘siqlar bo‘lish-bo‘lmasligi hozircha aniqlashtirilmadi.